Muhammad Yusuf she’rlari, shoirning eng sara sher’lari to’plami. Ushbu sahifada O’zbek she’riyatining eng yorqin namoyondalaridani biri Muhammad Yusuf she’rlari to’plangan
Shoir nisbatan qisqa umr ko’rgan bo’lsa ham O’zbek she’riyatida o’chmas iz qoldirdi.
Muhammad Yusuf she’rlari to’plami
XALQ BO‘L, ELIM
Qadim yurtga qaytsin qadim navolarim,
Qumlar bosib qurimasin daryolarim.
Alpomishga alla aytgan momolarim
Ruhini shod etay desang — xalq bo‘l, elim!..
Dunyoga boq, qaddi sendek kim bor yana,
Dovrug‘i ham dardi sendek kim bor yana.
Xalq bo‘lishga haddi sendek kim bor yana,
Moziyni yod etay desang — xalq bo‘l, elim.
Sen tebratgan beshigini Sohibqiron,
Sening bolang yulduzlarga qo‘ygan narvon.
Bir mayizni qirqqa bo‘lgan bir tanu jon —
Kunlaringga qaytay desang — xalq bo‘l elim.
Daryo bo‘lib jo‘shgin endi zavqi ulug‘,
Bayramingda sevinch ko‘z yoshingga qulluq,
Yurtim degan jasur Yurtboshingga qulluq,
Unga qanot bo‘lay desang — xalq bo‘l, elim.
Bo‘lar elning bolalari bir-birin der,
Bo‘lmas elning bolalari bir-birin yer.
Bir bo‘l endi, qadri baland qaddingni ker,
Xalq bo‘l, elim, xalq bo‘l, elim, xalq bo‘l, elim
VATANIM
Men dunyoni nima qildim,
O‘zing yorug‘ jahonim,
O‘zim xoqon,
O‘zim sulton,
Sen taxti Sulaymonim,
Yolg‘izim,
Yagonam deymi,
Topingan koshonam deymi,
O‘zing mening ulug‘lardan
Ulug‘imsan, Vatanim...
Shodon kunim gul otgan sen,
Chechak otgan izimga,
Nolon kunim yupatgan sen,
Yuzing bosib yuzimga.
Singlim deymi,
Onam deymi,
Hamdardu hamxonam deymi,
Oftobdan ham o‘zing mehri —
Ilig‘imsan, Vatanim.
Sen Mashrabsan,
Xalqda tumor,
Balxda dorga osilgan,
Navoiysan, shoh yonida
Faqirni duo qilgan.
Yassaviysan, meniki deb,
Ko‘ringan da’vo qilgan,
Ming bir yog‘i ochilmagan
Qo‘rig‘imsan, Vatanim.
Sen Xo‘jandsan,
Chingizlarga
Darbozasin ochmagan,
Temur Malik orqasidan
Sirdaryoga sakragan,
Muqannasan qorachig‘i
Olovlarga sachragan,
Shiroqlarni ko‘rgan cho‘pon
Cho‘lig‘imsan, Vatanim.
Kim Qashqarni qildi makon,
Kim Enasoy tomonda,
Jaloliddin — Kurdistonda,
Boburing — Hindistonda,
Bu qanday yuz qarolig‘ deb,
Yotarlar zimistonda,
Tarqab ketgan to‘qson olti
Urug‘imsan, Vatanim...
O‘g‘lim, desang osmonlarga
G‘irot bo‘lib uchgayman,
Chambil yurtda Alpomishga
Navkar bo‘lib tushgayman,
Padarkushdan pana qilib
Ulug‘beging quchgayman,
G‘ichir-g‘ichir tishimdagi
So‘lig‘imsan, Vatanim...
O‘tgan kuning — o‘tgan kundir,
O‘z boshingga yetgan kun,
Qodiriyni bergan zamin,
Qodiriyni sotgan kun.
Qo‘lin bog‘lab,
Dilin dog‘lab,
Yetaklashib ketgan kun,
Voh bolam! deb aytolmagan
Dudug‘imsan, Vatanim.
Yoningda qon yig‘lagan bir
Shoiringga qarab qo‘y,
Gar Qo‘qonga yo‘ling tushsa,
Detdomlarni so‘rab qo‘y.
Hech bo‘lmasa Usmon xokin
Keltirmoqqa yarab qo‘y,
Olislarda qurib qolgan
Qudug‘imsan, Vatanim...
Sen — shoxlari osmonlarga
Tegib turgan chinorim,
Ota desam,
O‘g‘lim deb,
Bosh egib turgan chinorim,
Qo‘ynimdagi iftixorim,
Bo‘ynimdagi tumorim,
O‘zing mening ulug‘lardan
Ulug‘imsan, Vatanim!
JAYRON
Qon yig‘latdi qaysi bag‘ritosh,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?
Oyog‘ingga qo‘yib yotay bosh,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?..
Yurak qoning to‘kilgan so‘qmoq
Bag‘ri alvon lolaqizg‘aldoq,
Senga toshlar otdi qay gumroh,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?..
Zor yig‘lading buncha ham hayhot,
Menda ham bor sendagi sayyod...
Ey beozor, ey mo‘min jonzot,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?..
Bu dunyoning nokaslari bor,
Ezgulikni ko‘rolmaydilar.
Meni ham qon qildilar ular,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?..
Labim bilan yarang silayman,
Senga dardi shifo tilayman,
Kel, tug‘ishgan og‘ang bo‘lay man,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?..
MEHR QOLUR
O‘tar qancha yillar to‘zoni,
Yulduzlar — ko‘zyoshi samoni.
O‘tar inson yaxshi-yomoni,
Mehr qolur, muhabbat qolur.
Qorachug‘da porlagan o‘sha,
Iqboliga chorlagan o‘sha.
Dunyoni tor aylagan o‘sha —
Mehr qolur, muhabbat qolur.
Anor sening yuzlaring, suluv,
Xumor sening ko‘zlaring, suluv,
Yodda qolmas so‘zlaring suluv,
Mehr qolur, muhabbat qolur.
Oqib ketdi suvlarda Tohir,
Zuhro yig‘lab qoldi qon bag‘ir.
Kelganda ham qiyomat oxir,
Mehr qolur, muhabbat qolur.
Nima deysan, ey, g‘ayur inson?
G‘iybatlaring qildi meni qon.
Sen ham bir kun o‘tursan, inon,
Mehr qolur, muhabbat qolur.
MUHABBAT
Muhabbat, ey go‘zal iztirob,
Ey ko‘hna dard, ey ko‘hna tuyg‘u.
Ko‘kragimga qo‘lingni tirab,
Yuragimni to‘kib qo‘yding-ku.
Qancha ko‘zlar menga zor edi,
Na g‘am, na anduhim bor edi.
Qushday yengil ruhim bor edi,
Chok-chokidan so‘kib qo‘yding-ku.
Ne qilarding menga tegib sen,
Yengilmagan edim — yengib sen,
Boshlarimni yerga egib sen,
Qomatimni bukib qo‘yding-ku.
Sen men uchun bir xayol eding,
Yaxshi bor yo yaxshi qol eding.
Jon kerakmi — mana ol endi,
Qiynar bo‘lsang qiynab to‘yding-ku.
Bilmam, nima edi maqsading:
Menga bir juft guling asrading,
Birin otin Kumush atading,
Birin ismin Zaynab qo‘yding-ku.
Muhabbat, ey go‘zal iztirob,
Ko‘chang kezdim sarson, dovdirab,
Yuzlarimga yuzlaring tirab,
Ko‘zlarimni boylab qo‘yding-ku!..
SUVPARI
Seni hech kim sevolmaydi meningdek:
Vaslingga zor bu oshiqlar, ehtimol,
Poyingga tiz cho‘kib yig‘lar, ehtimol,
Lekin sodiq bo‘lolmaydi meningdek!.
Aldanma yor, aldamchilar makriga,
Malak bo‘lma bevafo ishq shahriga,
Ular seni bir bossa bas bag‘riga,
Seni hech kim sevolmaydi meningdek.
Yo‘ling kesib o‘tsam — o‘zim xijolat,
Uzoqdan bir seni ko‘rsam kifoyat,
Bir nigohing o‘zi menga inoyat,
Seni hech kim sevolmaydi meningdek.
Joningga jon bo‘lmayman-u, sevaman,
Yoningga bir kelmayman-u, sevaman,
Ismingni ham bilmayman-u, sevaman,
Seni hech kim sevolmaydi meningdek.
Sen ko‘kdagi harir ko‘ylak, hur-pari,
Ko‘k ko‘ldagi tinib qolgan suvpari.
Muhammadning ko‘nglidagi dilbari,
Seni hech kim sevolmaydi meningdek.
TO’Y KECHASI
Yuzga upa surmasdan,
To‘lin bo‘ldi Zebijon.
O‘n sakkizga kirmasdan,
Kelin bo‘ldi Zebijon.
Men ne derdim, nima dey?
Olov edik, sho‘x edik.
Zebi bilan erinmay
O‘n yil birga o‘qidik.
Eski maktab, alvido,
Xonalari tor edi.
O‘rtamizda bir Xudo,
Bir siyohdon bor edi.
Men lapashang, albatta,
So‘ramadim ko‘nglini.
O‘n yil o‘qib bir marta
Ushlolmadim qo‘lini...
O‘ltiribman endi jim,
Keksa onam oldida.
To‘yga men ham borardim,
Yomg‘ir yog‘ib qoldi-da!
ZEBI, ZEBI…
Suzilma oy osmonda,
Sendan to‘lin yuzlar bor.
Surxon degan tomonda
Oydan oydin qizlar bor.
Zebi deyman, Zebona,
Ishqingda men devona,
Bolalikda do‘st qizlar,
Bo‘yga yetgach — begona!..
Chog‘im yetmas chog‘lasam,
Oftob erir taftidan.
Kechagina xohlasam,
Suv ichardim kaftidan.
Zebi derdim, Zebona,
Ishqingda men devona.
Bolalikda do‘st qizlar,
Bo‘yga yetgach begona...
Na u menga elandi,
Na men unga qayrildim.
Do‘stim unga uylandi,
Do‘stimdan ham ayrildim.
Zebi dedim, Zebona,
Sevganim sen yagona.
Bolalikda sog‘ qizlar
Bo‘yga yetgach — devona!.
BIZ BAXTLI BO’LAMIZ
N. ga
Mayli-da, kimgadir
Yoqsa,
Yoqmasa,
Ularga qo‘shilib
Yig‘lasharmidik.
Biz baxtli bo‘lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa
Uchrasharmidik...
Rayhon hidlaringni
Yo‘llarimga sep,
Kut meni,
Har oqshom,
Ko‘kka oy chiqqan.
Faqat,
Yig‘lamagin,
Gunohim ne deb,
Aybing —
Onang seni
Chiroyli tuqqan!..
Menga
Bir tabassum
Hadya et, ey yor,
Nur tomsin
Lablaring
Sohillaridan.
O‘zing ayt,
Senday qiz
Yana qayda bor,
Kipriklari uzun —
Kokillaridan?..
Iymanib yashama
Xayol pinjida,
Yoyil,
Yayra jonim,
O‘rtanma g‘amda.
G‘iybatlarga chida,
Tuhmatga chida,
Sen bittasan, axir,
Yorug‘ olamda.
Men esa
Oshig‘ing sening —
Eng g‘arib.
Tundan so‘z
Qarz olib,
Tongga tutguvchi.
Sening yoningda ham
Seni axtarib,
Sening yoningda ham
Seni kutguvchi.
Ista,
Tiz cho‘kaman
Hozir oldingda,
Sevdim,
Sevganimdan
Uyalmoq nechun.
Barcha farishtalar
Sening qalbingda
Ijarada turgan
Qizlar men uchun!..
Biz baxtli bo‘lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa,
Uchrasharmidik?!
TUSHLARIMGA KIR
Kapalakday kelib,
Qoshingga qo‘nib,
Ko‘zingga termulib umrim o‘tsaydi...
Nima ham ko‘ribman men yigit bo‘lib?
Sochingni silashga qo‘lim yetmaydi.
Peshonam shu ekan, peshonang shudir,
Tushimga kir endi, tushlarimga kir.
Tovoning o‘padi ariqdagi suv,
Ko‘ylaging etagin o‘padi maysa.
Men-chi, bir giyohcha bo‘lolmadim-ku,
Ey, ko‘zlari jayron, kiprigi nayza!
Peshonam shu ekan, peshonang shudir,
Tushimga kir jonim, tushlarimga kir.
Ko‘chib borayotir bu umr — karvon,
Kunlarning bo‘ynida yurak qo‘ng‘iroq.
Men senga armonu sen menga armon,
Ko‘nglimning to‘rida tutar shamchiroq.
Peshonam shu ekan, peshonang shudir,
Tushimga kir jonim, tushlarimga kir...
Kapalakday kelib, qoshingga qo‘nib,
Ko‘zingga termulib umrim o‘tsaydi.
Qoldingu bag‘rimda jonimdek bo‘lib,
Sochingni silashga qo‘lim yetmaydi.
Peshonam shu ekan, peshonang shudir,
Tushimga kir jonim, tushlarimga kir...
UYQUDAGI QIZ
Nurxon xotirasiga
Qaro yerga qo‘yib bosh,
Bir qizgina uxlaydi.
Ko‘zlariga to‘lib yosh,
Hur qizgina uxlaydi.
Yotar qurib darmoni,
Mangu uxlar gul yonoq.
Ko‘ngli to‘la armoni,
Qo‘yni to‘la qizg‘aldoq...
Bu dunyoda hech sendek
Qiz yo‘q edi, tur, singlim,
O‘zing orzu qilgandek
To‘y qilamiz, yur singlim.
Oy yuzingga bir nafas,
Harir ro‘mol o‘rarsan.
Gul-gul yonib muqaddas,
Chimildiqqa kirarsan...
Qaro yerga qo‘yib bosh,
Bir qizgina uxlaydi.
Nurxon otli qalamqosh,
Hur qizgina uxlaydi.
LAGANBARDORLAR
Kazzob Stalindan zorlanmang hadeb,
U ham farzandidir bitta insonning.
Bilmoqchi bo‘lsangiz, qabri qayda deb,
Laganbardorlardan so‘rang Cho‘lponni...
Otabek Kumushin ko‘zlarin yopib,
O‘zi ham ortidan qilgach safarlar,
Qodiriy boboning qo‘llarin o‘pib,
Chohga itargan ham — laganbardorlar.
Ular Iblis bilan tili bir o‘rtoq,
Ular Azroilga sodiq choparlar.
Avval Usmonlarni sotib, keyinroq
Faryod ko‘targan ham — laganbardorlar.
Yov nadir? Zo‘r kelsa o‘ldiradi yov,
Bular qon so‘rguvchi iskabtoparlar.
Qahhorni qandkasal,
Oybekni soqov
Qilib qo‘yganlar ham — laganbardorlar.
Ular ustoziga quldayin kimsa,
Mehribon homiysi shogirdlarining.
O‘zi o‘ldirib, so‘ng mozorigacha
Ko‘tarib borishar tobutlarini...
Kazzob Stalindan zorlanmang hadeb,
U ham bolasi-da bitta insonning.
Bilmoqchi bo‘lsangiz, qabri qayda deb,
Laganbardorlardan so‘rang Cho‘lponni!
QIZG’ALDOQ
Qizg‘aldog‘im, qirdan bo‘lak koshonang yo‘q,
Kokil yoysang, yerdan bo‘lak toshoynang yo‘q,
O‘ksib-o‘ksib turganingda o‘zim borib,
Peshonangdan o‘pay desam, peshonang yo‘q...
Sollanasan kelinchakday boshing egib,
Jayron o‘tgan so‘qmoqlarga yoshing to‘kib,
Qizil yuzing qon dilimga turar tegib,
Meningdek sen g‘aribning ham parvonang yo‘q...
Qadring bilgan, darding bilgan, ayt, kiming bor?.
Kelib-ketar bahor senga bevafo yor,
Go‘zalsanki, senga bari gullar ag‘yor,
«Oh» ursang, bir ohing tinglar ostonang yo‘q...
Oldingga men borolmasam, o‘t gunohim,
Bir yo‘qlab qo‘y, men dunyodan o‘tgan chog‘im,
Qabrim uzra hilpirab tur, qizg‘aldog‘im,
Muhammaddan bo‘lak do‘sti devonang yo‘q.
TURG’UNLIK
Hatto kech kuzda ham tugadi ko‘sak,
Serhosil O‘zbekiston dalalari.
Dalaga chiqishar ko‘tarib etak,
Birinchi sinf bolalari...
Zo‘r kelsa go‘dak ham birlashur,
Kattalar bilan teng bellashur,
Bo‘yi g‘o‘zadan past, chillashir
Birinchi sinf bolalari.
Sovuq deysizmi?
Ha, qahraton!
Qo‘lchalar qo‘yinda qotgan non,
Ammo nima qilsin, paxta shon,
Birinchi sinf bolalari.
Bari jimjimalar — qog‘ozda,
«Zangori kema»lar — qog‘ozda,
Paxta terishadi ayozda,
Birinchi sinf bolalari.
Paxta terar yig‘lab baxti kulganlar,
Omadi kulganlar, ahdi kulganlar,
Pufak bobolarin Qahramon qilganlar
Birinchi sinf bolalari.
Faqat bir iltimos, muallimlari,
Burnin artib tursa bo‘lgani.
Ishtonin ko‘tarib qo‘yishsa bas, shu —
Paxtani plani to‘lgani!
CHIMILDIQ
Garchi ipak devoring,
Hech kim seni qurgan yo‘q.
Ammo ikki dunyoda
Sendan baland qo‘rg‘on yo‘q.
Qo‘sh yuraklar yog‘dusi
O‘zing beshak chimildiq.
Bo‘y qizlarning orzusi
Shohi to‘shak chimildiq.
Kuyov kutgan orziqib
Hayot sendan boshlanar.
Kelayotgan allayu
Bayot sendan boshlanar.
Tilagim shu boylansin
Jon rishtasi joningga.
Yo‘lamasin hech bir qiz
Rozi bo‘lmay yoningga.
O’G’LONLAR
Afg‘onistonda halok bo‘lgan o‘zbek o‘g‘lonlari xotirasiga
Hindiqushdan taraladi bir nola,
Yuraklarni titratib zir-zir nola.
Qarang, qonga botib yotar bir dala,
Mangu armon bo‘lib ketgan o‘g‘lonlar...
Alpomishday kelbatidan gapirmay,
O‘n sakkiz yoshga ham kirib yo kirmay.
O‘n gulidan bir guli ham ochilmay,
Umri xazon bo‘lib ketgan o‘g‘lonlar.
Mehnatdan bosh ko‘tarmagan dehqon el,
Urushdan hech ko‘karmagan dehqon el.
Yo‘qlar Sizni ko‘zdan yoshin to‘kib sel,
O‘qqa qalqon bo‘lib ketgan o‘g‘lonlar.
Bir daryoga ulanmagan irmoqlar,
Bir qiz sochin silamagan barmoqlar,
Bir tuproqqa to‘kilgan qizg‘aldoqlar,
Bevaqt qurbon bo‘lib ketgan o‘g‘lonlar.
Aslida-ku, baringiz bir o‘zbeksiz,
Bir yurt o‘g‘li, bir uzukka ko‘zdeksiz.
Bo‘g‘zimda tosh qotib qolgan so‘zdeksiz,
Mardi maydon bo‘lib ketgan o‘g‘lonlar.
Bu dunyoda balki, bir onaning siz —
Tilab olgan yolg‘iz o‘g‘li edingiz,
Qaytmas bo‘lib qaro yerga ketdingiz,
Mulki afg‘on bo‘lib ketgan o‘g‘lonlar.
Botirmidi, Qodirmidi otingiz,
Qoldi dilda muhrlanib yodingiz.
Jaloliddin, axir, Sizning zotingiz,
O‘zbekiston bo‘lib ketgan o‘g‘lonlar.
TURKMAN QIZ
Aylanaman, Sharqni kezib aylanaman,
Iboli bir yor topolmay o‘ylanaman.
O‘z yurtimning suluvlari til uqmasa,
Uzun ko‘ylak turkman qizga uylanaman...
Ko‘zim tushsa yuzlari lov-lov yonadi,
Yelkasida qirqta chaman tovlanadi,
Kesilmagan kokillari to‘lg‘onadi,
Uzun ko‘ylak turkman qizga uylanaman.
U elining urflarini qilmaydi xor,
Beshigi hech allasiga bo‘lmaydi zor,
Qoshida momosi qo‘ygan o‘smasi bor,
Uzun ko‘ylak turkman qizga uylanaman.
U ajralib turar turfa gul ichida,
Oftob chiqib, oftob botar kulgichida,
O‘z tilida gapirmaydi til uchida,
Uzun ko‘ylak turkman qizga uylanaman...
Bir xil libos kiymish, ko‘rdim, nechalari,
Oybaldog‘i yonib turar kechalari.
Yashnab ketar yursa Toshkent ko‘chalari,
Uzun ko‘ylak turkman qizga uylanaman.
Go‘shangaga kirganimda yorga yetib,
Menga o‘lan so‘ylab berar yodlar etib.
Bobolarim ruhlarini shodlar etib,
Uzun ko‘ylak turkman qizga uylanaman.
SODDA MUHAMMADMAN…
O‘zbek qizlariga
Sodda Muhammadman,
Sodda Muhammad —
Turkman qizni maqtab baloga qoldim,
Ko‘ylagiga havas qilgandim faqat,
Toabad tuganmas g‘avg‘oga qoldim...
Nedan ranjidingiz jon singillarim,
Qaboqlar uyuldi, chimrildi qoshlar.
Turkman tushunmay tosh otsa, chidadim,
Ammo yomon botdi siz otgan toshlar.
Yorug‘ dunyoda-ku bari qiz go‘zal,
Millat tanlamas-ku husn degani,
Nigohim Jayhundan sakrab o‘tsa sal,
Qaydan bilay sizga malol kelganin.
Yurtim suluvlari, sizga yo‘q taraf,
Qoshingizda o‘sma yursa sirg‘alib,
Uzun sochingizni o‘rsangiz tarab,
Boqsa degan edim oy ham suqlanib.
Asli turkman qiz bir bahona xolos,
Izlaganim edi sizlar kabilar,
Qo‘msaganim — hayo, momolarga xos,
Sog‘inganim edi Kumushbibilar...
Yonsam hajringizda mening yonishim,
Kuysam siz tufayli ko‘nglimdagi cho‘g‘,
Turkman qizlardan yo‘q mening tanishim,
Qalinga tuyam ham tushib qolgan yo‘q!
KINOGA KIRMAYMAN
Bilet topilmaydi «O‘tgan kunlar»ga,
Qizlar qaytib kelar ko‘zyosh qilishib.
Xayr, uyqu, deymanu menda yo‘q orom,
Muqovasiz kitobimga muk tushib.
Nogoh musiqalar tingan yotoqda
Kitob kirmagan xona qolmagan.
Hech kim uni mendek o‘qimagan, lekin
Hech kim uni mendek o‘qiy olmagan.
Ko‘zimni yumaman, kulgichlari yayrab,
Kumush bolasiga ro‘molcha to‘qir.
Keyin ichkaridan — ming yil naridan
Zaynabning nigohi jonimni cho‘qir.
Shunday oqshom botar, shunday tong otar,
Kitobim o‘qiyman — satri muqaddas.
Menga yoqmas ekrandagi Otabek,
U boshqa. U boshqa, men bilgan emas!..
Bilet topilmaydi «O‘tgan kunlar»ga,
Men esa kirmayman bekorga ham hatto.
Mayli, qarsak chalay iste’dod uchun
Lekin san’at—san’at, hayot—hayotda.
Ko‘zimni yumaman, kulgichlari yayrab,
Kumush bolasiga ro‘molcha to‘qir.
Keyin ichkaridan — ming yil naridan
Zaynabning nigohi jonimni cho‘qir.
TARIQQIYOT
Ayollar, paykaldan ko‘tarmang boshni,
Faqat mehnat qiling, yillar kutmaydi.
Shiyponlarda kutib — kuzating quyoshni,
Kelajak avlodlar bizni unutmaydi!..
Biz shunday butifoslar topamiz hali,
Paxtamizni yillab tersak bitmaydi.
Xirmonlar osmonga tegar yuksalib,
Kelajak avlodlar bizni unutmaydi.
Erkaklar, kitoblar o‘qing, ov qiling,
So‘qmoqlarda so‘nggi jayronlar titraydi
So‘nggi yo‘lbarslarning terisini shiling,
Kelajak avlodlar bizni unutmaydi.
Og‘ular topamiz — chuvalchanglar ilib,
Hech kim qarmoqlarda baliq tutmaydi.
Delfinlar sohilda yotadi cho‘zilib,
Kelajak avlodlar bizni unutmaydi...
Shoirlar dunyoga tanitib elin,
Mukofotlar bilan bir-birin qutlaydi.
Navoiy bobosin tushunmay tilin,
Kelajak avlodlar bizni unutmaydi!..
Buni taraqqiyot derlar. Biz o‘sdik,
O‘saverdik, hech kim inkor etmaydi.
Tog‘larni qo‘porib, daryolarni to‘sdik,
Kelajak avlodlar bizni unutmaydi.
She’rim — qarog‘imdan oqqan yoshlarim,
Anglarmisiz uni, hech ko‘zim yetmaydi...
Barakalla sizga, zamondoshlarim,
Kelajak avlodlar bizni unutmaydi!
YIGIRMANCHI ASR
Farhodlar videoga mo‘ltirab o‘sar,
Shirinlar bir-birin sochini kesar.
Shudgorni kim kechar,
Daryoni kim to‘sar...
Yigirmanchi asr, bu qanday gap axir?
Fasllar aylanar, bitta fasl yo‘q,
Qahraton kechikkan kuzga urar do‘q.
A’zoi badaning snaryadu o‘q,
Yigirmanchi asr, bu kanday gap axir?
Nima deysan yana gazetalarga,
Qanotli, qanotsiz raketalarga,
Ko‘zingga termulgan planetalarga...
Yigirmanchi asr, bu qanday gap axir?
Yo‘ldoshni quchoqlab yig‘laydi osmon,
Kemalar poyida titraydi ummon.
Erta yer yuzida kim qolgay omon,
Yigirmanchi asr, bu qanday gap axir?..
Yulduzlar yonidan hayda zog‘larni,
Kunduzlar yonidan hayda dog‘larni,
Yer yutsa bo‘lmasmi urushqoqlarni,
Yigirmanchi asr, bu qanday gap axir?
TINCHLIK — shudir mening eng tansiq so‘zim,
Ovutib yashayman o‘zimni-ku, o‘zim,
Ko‘zimga javdirar bir yashar qizim...
Yigirmanchi asr, bu qanday gap axir?!
KRISTINA
Kristina!
Jonajon qo‘shnim.
Baland poshna,
Mallasoch,
Ko‘rkam.
Yon qo‘shnimu, ammo mendan ham
Mushugiga mehribon qo‘shnim...
Kristina!
Qo‘shnim bir devor.
Ko‘zi moviy,
Burni surnaycha.
Bitta bola,
Ikkita laycha —
Tashlab ketgan eridan yodgor.
Bu qismat,
Bu taqdiri azal —
Beva borki, hammasi go‘zal.
Kristina!
Bog‘bonsiz bog‘cha,
Changda qolgan momaqaymoqcha.
Eri bilan edim qalin do‘st,
Eri minar edi parovoz.
Qo‘llari moy ishdan qaytardi,
Ichsa biznikida yotardi...
Kristina!
Mallasoch dildor.
Viqor bilan boqishlar, hay-hay...
Mening uyim to‘la bolakay,
Uning uyi to‘la jonivor.
Bizning kulba — beshinchi qavat,
Mehmonga-ku, ochiq, marhamat:
Odam sal xijolat bo‘ladi —
Liftdan kuchuk hidi keladi...
URUSH YILLARINING JONON QIZLARI
Qahramon yigitlar urushga ketdi,
Cho‘g‘ bo‘lib yondirib qoldi izlari.
Olovlar ichida bo‘yingiz yetdi,
Urush yillarining jonon qizlari.
Muhabbat, muhabbat, ilohiy ma’vo,
Sizga yor vaslini ko‘rmadi ravo.
Xatlarga termulib umringiz o‘tdi,
Urush yillarining jonon qizlari.
Qadoqqo‘l yurtimning Zulayholari,
Dilbarlari, Dildor, Dilrabolari.
Yig‘idan qizargan shahlo ko‘zlari —
Urush yillarining jonon qizlari.
Qorlar kechib yurib ko‘saklar tergan,
Sepini to‘p qilib frontga bergan.
Yigit ko‘rgan hamma baloni ko‘rgan,
Urush yillarining jonon qizlari...
Zamin ming aylansa, aylansa Zamon,
Yaxshini yaxshi degan, yomonni yomon.
Muhammad Yusuf eng tansiq so‘zlari —
Urush yillarining jonon qizlari.
QIYOSI YO’Q ASLO
Qiyosi yo‘q aslo, mehri bir daryo,
O‘xshasa o‘ziga o‘xshaydi o‘zbek.
Bolalariga-ku bildirmas, ammo,
Dunyoda bolam deb yashaydi o‘zbek.
O‘nta bo‘lsa, o‘rni boshqa uning-chun:
O‘g‘lim otashimdan yaralgan uchqun,
Qizim parilardan chehrasi gulgun,
Yuzlari lolam deb yashaydi o‘zbek.
Bir qo‘lda belanchak, bir qo‘lda Qur’on,
Bir yelkada ketmon, birida iymon,
Barchaga barobar bir oftobsimon,
Yashnasin olam deb yashaydi o‘zbek.
Momolari tetik yuzga kirsa ham,
Bobolari qaysi yigitlardan kam?
Nabirasi bo‘lsa bitta uyga jam,
To‘shak yetmay to‘nin to‘shaydi o‘zbek.
Kindik qoni tomgan tuproq unga — shon,
Kerak bo‘lsa, beso‘z baxsh etar u jon,
Ko‘krakka urmaydi: Vatan deb, Vatan!
Alpomish o‘g‘longa o‘xshaydi o‘zbek.
Ehtirom etganga ehromlari bor,
Kekkayganga bo‘yin egmaydi zinhor,
Beshik to‘la jajji Islomlari bor —
Tosho‘tmas qo‘rg‘onga o‘xshaydi o‘zbek.
TAVALLO
Oq yo‘rgakka o‘ragansan o‘zing bizni,
Ham oq yuvib-taragansan o‘zing bizni.
Beshigimiz uzra bedor ona bo‘lib,
Kunimizga yaragansan o‘zing bizni.
Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston!..
Qalqoning bor, kim qasd qilsa gar joningga,
Alpomishlar ruhi yor har o‘g‘loningga.
Asragaymiz giyohing ham gulday o‘pib,
Yovlar yaqin yo‘lolmagay qo‘rg‘oningga.
Adoying bo‘lgaymiz seni, Uzbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston.
Tuzing totib, unutganlar xor bo‘ladi,
Ko‘zlariga ikki dunyo tor bo‘ladi.
Shodon daming ko‘rolmagan yurtfurushlar,
Bir kun bir kaft qumlog‘ingga zor bo‘ladi.
Yoningda turgaymiz seni, O‘zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston!..
Gul ko‘ringan dashtingdagi giyoh-xasdir,
Soddadilu ulug‘vorlik senga xosdir.
Sevamizki, cho‘llaring ham bizga jannat,
Tuprog‘ing ham Makka misol muqaddasdir.
Onadek ko‘rgaymiz seni, O‘zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston!
Muhammad Yusuf zamondoshlar xotirasida
Said Ahmad
Muhammad Yusuf pokiza inson edi. U odamlarning esini og‘dirgan, o‘ylatgan, kuldirgan, yig‘latgan, topgan-tutganini odamlar ustidan sochgan saxiylik timsoli edi.
Muhammad hammani o‘ziga do‘st deb bilardi. Hech kimni begona qilmasdi. Qo‘lida borini do‘stlariga tarqatmaguncha, cho‘ntagi bo‘shab qolmaguncha ko‘ngli to‘lmasdi.
Muhammad Yusuf tez og‘izga tushdi. Birorta shoir uningdek tez nom chiqarmagan, nomdor bo‘lmagan. Ochig‘ini aytsam, Muhammadga ko‘z tegdi. Aslini olganda asl shoirlar uzoq
yashamaydilar. Ammo ortidan abadiy yashaydigan meros qoldirib ketadilar. U mana shunday o‘lmas meros qoldirdi.
Muhammad she’r muxlislarining yuragini o‘rtab ketdi. Endi shoirning o‘zi yo‘q. Ammo Muhammad Yusuf deb atalmish She’riyat bor. Bu she’riyat aslo zavol bilmaydi.
SAID AHMAD,
O‘zbekiston qahramoni,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi
Erkin Vohidov
Muhammad Yusufni men taniqli yozuvchi Nazir Safarov orqali tanigan edim. Muhammadjon Nazir aka xonadonida turar, yoshgina o‘smir yigitchaning poytaxtdagi ilk qadamlari mana shu ostonadan boshlangan, bu uydagi adabiy muhit bo‘lajak shoirga katta maktab bo‘lgan edi. Dastlabki she’rlarini menga berayotib, Nazir aka shunday degan edilar: «Men, Erkinjon, yozuvchiman.
She’riyatdan uzoqroqman. Sizga bir iltimosim, Muhammadning she’rlarini o‘qib ko‘rib, o‘zingiz yo‘l-yo‘riq ko‘rsatsangiz. Mashqlarida nimadir borga o‘xshaydi.
Bu ozg‘ingina, istarasi issiq, qorachagina yigitcha bir ko‘rishdayoq meni o‘ziga tortgan edi. Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlamoqchimanki, inson umrining oxirigacha ilm o‘rganadi, hayot darsini o‘rganadi. Ammo she’r yozish ilmi shunday ilmki, uni o‘rganib bo‘lmaydi. U tug‘ma bo‘lishi kerak. Muhammadjon tug‘ma iste’dod sohibi edi. U bu iste’dodni rivojlantirdi, o‘ziga talabchan bo‘ldi.
U paytlarda uning she’riyatdagi taxallusi yo‘q, Muhammadjon Yusupov nomi bilan ijod qilardi. Men «Yoshlik»
jurnalining Bosh muharriri edim. U vaqtlar yosh shoirlarning bitta, taniqli shoirlarning uch-to‘rt she’riga joy ajratardik. Muhammadjonning she’rlari bu qobiqni yorib chiqqan, unga bir sahifa joy ajratgandik.
U juda tez og‘izga tushdi. «Toshkent oqshomi», «O‘zbekiston ovozi» gazetalaridagi faoliyati esa uni yana boshqa olamga olib kirdi. Uning tanqidiy yo‘nalishdagi «luqma»lari, kichik-kichik qatralari, bir qator maqolalari Maqsad Yaxshiyev nomi bilan gazetalar sahifalarida tez-tez ko‘zga tashlanadigan bo‘ldi. Sal keyinroq u Muxammad Yusuf nomi bilan elga tanildi.
Muhammad Yusuf omadli yigit edi. G‘aybulloh as-Salomday zabardast olim, ulug‘ bir inson xonadoniga kuyov bo‘lishida men katta bir xislat ko‘raman. Ular ruhan bir-birlariga juda yaqin insonlar edi. Parvona nurga intiladi. Muhammadjon G‘aybulla akaga kuyov emas, o‘g‘il bo‘ldi. Ular bir-birlarining kamini to‘ldirib, bir-birlaridan kuch olib yashadilar.
Muhammadjon bugun oramizda yo‘q. Ammo ustozlari, yaqinlari, farzandlari xotirasida yaxshi ishlari, xokisorligi, mehrliligi bilan muhrlanib qolgan bo‘lsa, shaxsan tanigan-tanimagan muxlislari tasavvurida yig‘latadigan, o‘ylatadigan, ezgulikka yetaklaydigan she’ru qo‘shiqlari bilan yashab qoladi.
ERKIN VOHIDOV,
O‘zbekiston qahramoni
Abdulla Oripov
Ajal yakka ov qiladi, deyishadi. U hech kim bilan aslahatlashmas ekan, boshqalarning irodasini nazar-pisand qilmas ekan. Bevaqt o‘lim adabiyotimiz gulshanida barq urib ochilib, yashnab turgan bir chechakni uzdiyu ketdi.
Muhammadjonni marhum deyishga hech tilimiz bormaydi. Ammo nachoraki, bu bor gap.
Chinakam shoirning qalbida sohir qush doimo sayrab turadi, degan gapni ko‘p bora eshitgandik. O‘sha qush aynan Muhammadjonning yuragida oshiyon qurganiga men astoydil ishonganman. Uning ko‘zlari ham, chehrasi ham hamisha latif bir kuyni xonish qilganday edi.
Men Muhammadjon bilan uzoq yillar mobaynida yonma-yon yashadim, yonma-yon ishladim. Hali yoshlik yillaridayoq bunchalik ko‘p muxlis orttirgan, do‘st-og‘aynisi bisyor ijodkorni kam ko‘rganman. San’atkorlar-ku, uning har bir misrasini sozga olishga tayyor edilar. Bularning sababi nimada? Birinchi navbatda Muhammadjon yaxshi inson edi. Yaxshi insonlarga boshqalar hamisha talpinadilar. Odamdan odam uzoqlashishini Xudoyim hech kimga ko‘rsatmasin.
U obro‘ talashmas, izzatini so‘roqlab yugurib yurishdan or qilardi. Xuddi shundoq yaxshi insongina yaxshi ijodkor bo‘lishi
tabiiy va qonuniydir. Shu kabi yuksak fazilatlari tufayli Muhammad Yusufni xalqimiz ardoqladi. Yurtboshimiz otalarcha mehr ko‘rgazdi. Uning xizmatlarini davlatimiz munosib baholadi.
Muhammad Yusuf qisqa umr kechirdi. Undan chinakam betakror ijodiy meros qoldi. Haqiqiy ma’nodagi barhayotlik, zavol bilmaslik Muhammad Yusuf ijodiga taalluqli bo‘lgan desam, inshoolloh, xato qilmagaydirman.
ABDULLA ORIPOV,
O‘zbekiston qahramoni,
O‘zbekiston xalq shoiri: