Qorong'u kechada ko'kka ko'z tikib,
Eng yorug' yulduzdan seni so'raymen.
Ul yulduz uyalib, boshini bukib,
Aytadir: «Men uni tushda ko'ramen.
Тushimda ko'ramen, shunchalar go'zal,
Bizdan-da go'zaldir, oydan-da go'zal!..»
Кo'zimni olamen oy chiqqan yoqqa,
Boshlaymen oydan-da seni so'rmoqqa,
Ul-da aytadirki: «Qizil yonoqqa
Uchradim tushimda, ko'milgan oqqa.
Oqqa ko'milganda shunchalar go'zal,
Mendan-da go'zaldir, kundan-da go'zal!..»
Erta tong shamoli sochlarin yozib,
Yonimdan o'tganda so'rab ko'ramen.
Aytadir: «Bir ko'rib, yo'limdan ozib,
Тog'u toshlar ichra istab yuramen!
Bir ko'rdim men uni: shunchalar go'zal,
Oydan-da go'zaldir, kundan-da go'zal!..»
Ul ketgach kun chiqar yorug'liq sochib,
Undan-da so'raymen sening to'g'ringda.
Ul-da uyatidan berkinib, qochib,
Aytadir: «Bir ko'rdim, tushdamas o'ngda.
Men o'ngda ko'rganda shunchalar go'zal,
Oydan-da go'zaldir... mendan-da go'zal!..»
Men yo'qsil na bo'lib uni suyubmen?!
Uning-chun yonibmen, yonib-kuyubmen.
Boshimni zo'r ishga berib qo'yubmen,
Men suyub... men suyub... kimni suyubmen?
Men suygan «suyukli» shunchalar go'zal
Oydan-da go'zaldir, kundan-da go'zal!!!