O’zbekiston
Yurtim, senga she’r bitdim bu kun,
Qiyosingni topmadim aslo.
Shoirlar bor, o‘z yurtin butun –
Olam aro atagan tanho.
Ular she’ri uchdi ko‘p yiroq,
Qanotida kumush diyori,
Bir o‘lka bor dunyoda biroq,
Bitilmagan dostondir bori.
Faqat ojiz qalamim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Yurmasman hech behishtni izlab,
Topolmasam chekmasman alam.
O‘tirmasman ertaklar so‘zlab,
Musallo deb yo‘nmasman qalam.
Ko‘klamingdan olib sururni,
Dovrug‘ soldi ustoz Olimjon,
G‘afur G‘ulom tuygan g‘ururni
Qilmoq mumkin dunyoga doston.
Olis tarix qadamim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Kechmishing bor chindan ham uzoq,
Ilg‘ay olmas barchasin ko‘zim.
Maqtamasman moziyni biroq,
O‘tmishingni o‘ylayman bir zum.
Zabtga olib keng Osiyoni,
Bir zot chiqdi mag‘rur, davongir,
Ikki asr yarim dunyoni
Zir qaqshatdi Buyuk jahongir.
Aytgum bu kun, u manim, manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Bobolardan so‘z ketsa zinhor,
Bir kalom bor gap avvalida,
Osmon ilmi tug‘ilgan ilk bor
Ko‘ragoniy jadvallarida.
Qotil qo‘li qilich soldi mast,
Quyosh bo‘lib uchdi tilla bosh.
Do‘stlar, ko‘kda yulduzlar emas,
U, Ulug‘bek ko‘zidagi yosh.
Yerda qolgan, o, tanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Ko‘z oldimdan kechar asrlar,
Ko‘z-ko‘z etib nuqs-u chiroyin.
Sarson o‘tgan necha nasllar,
Topolmasdan tug‘ilgan joyin.
Amerika – sehrli diyor,
Uxlar edi Kolumb ham hali,
Dengiz ortin yoritdi ilk bor
Beruniyning aql mash’ali.
Kolumbda bor alamim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Ko‘p jahongir ko‘rgan bu dunyo,
Hammasiga guvoh – yer osti.
Lekin, do‘stlar, she’r ahli aro
Jahongiri kam bo‘lar, rosti.
Besh asrkim, nazmiy saroyni
Titratadi zanjirband bir she’r.
Temur tig‘i yetmagan joyni
Qalam bilan oldi Alisher.
Dunyo bo‘ldi chamanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Bobolardan so‘zladim, ammo
Bir zot borkim, baridan suyuk:
Buyuklarga baxsh etgan daho,
Ona xalqim, o‘zingsan buyuk.
Sen o‘zingsan, eng so‘nggi nonin
O‘zi yemay o‘g‘liga tutgan.
Sen o‘zingsan, farzandlar shonin
Asrlardan opichlab o‘tgan.
Ona xalqim, jon-tanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Bosh ustingdan o‘tdi ko‘p zamon,
O‘tdi Budda, o‘tdi Zardushti.
Har uchragan nokas-u nodon,
Ona xalqim, yoqangdan tutdi.
Seni Chingiz g‘azabga to‘lib
Yo‘qotmoqchi bo‘ldi dunyodan,
Jaloliddin samani bo‘lib
Sakrab o‘tding Amudaryodan.
Sensan o‘shal samanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Toleingda bor ekan yashash,
Goh qon ichding, gohida sharob.
Etmoq bo‘lib yurtim xomtalash,
Bosh ustingga keldi inqilob,
Chora istab jang maydonidan
Samolarga uchdi unlaring,
Shahidlarning qirmiz qonidan
Alvon bo‘ldi qora tunlaring.
Qonga to‘lgan kafanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Lekin oftob poymol o‘lmas,
Kavaklarda qolmas oy nuri,
Odil hakam – Haq bor, beg‘araz,
Mazlumlarning buyuk g‘amxo‘ri.
Qilich serpab tole tongida
O‘zligingni tanib qolding sen.
O‘g‘lonlarning qatra qonida
O‘zbekiston nomin olding sen.
Nomi qutlug‘ gulshanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Tinch turarmi bu ko‘hna olam,
Tinch turarmi dog‘uli zamon.
Oromingni buzdi sening ham
Fashist degan vahshiy olomon.
Qonim oqdi Dansigda manim,
Sobir Rahim yiqilgan chog‘da.
Lekin, yurtim, kezolmas g‘anim
O‘zbekiston atalgan bog‘da.
Sensan nomus va sha’nim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Kech kuz edi, men seni ko‘rdim,
Derazamdan boqardi birov.
U sen eding, o, dehqon yurtim,
Turar eding yalangto‘sh, yayov.
– Tashqarida izillar yomg‘ir,
Kir, bobojon, yayragil biroz.
Deding: – Paxtam qoldi-ku axir,
Yig‘ishtiray kelmasdan ayoz.
Ketding, umri mahzanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Sen ketarsan balki yiroqqa,
Farg‘onada balki balqarsan.
Balki chiqib oqargan toqqa,
Cho‘pon bo‘lib gulxan yoqarsan.
Balki ustoz Oybekdek to‘lib
Yozajaksan yangi bir doston.
Balki Habib Abdulla bo‘lib,
Sahrolarda ochajaksan kon.
Tuprog‘i zar, ma’danim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Mayli, yurtim, kezsang ham dunyo,
Fazolarga qo‘ysang ham qadam,
O‘zligingni unutma aslo,
Unutma hech, onajon o‘lkam.
Bir o‘g‘lingdek men ham bu zamon
Kechmishingni qildim tomosha.
Iqbolingni ko‘roldim ayon
Istiqlolning ufqlari osha.
Iqboli hur, sho‘x-shanim manim.
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Zavol ko‘rma hech qachon, o‘lkam,
Zavol bilmas shu yoshing bilan.
Muzaffar bo‘l, g‘olib bo‘l, o‘ktam,
Do‘st-u yoring, qardoshing bilan.
Asrlarning silsilasida
Boqiy turgay koshonang sening.
Ulug‘ bashar oilasida
Mangu yorug‘ peshonang sening.
Mangu yorug‘ maskanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
1964-1970
Genetika
Men ham yashayapman o‘z zamonimda,
Davrimdan qayga ham tushardim yiroq.
Va lekin bilmadim, mening qonimda
Qaysi bir bobomning xislati ko‘proq.
Barchaga barobar meros bu bashar,
Otadan qosh-ko‘zni olgan o‘g‘ildek.
Bilmadim, qonimda qay ajdod yashar,
Balki Bobo Kayfiy, balki Ulug‘bek.
Tunlar qulog‘imga chalinar elas,
Tulporlar kishnashi, otlar gurrosi.
Balki Muqanna bu – tinib-tinchimas,
Balki Panipatda Bobur urhosi.
Balki tanglayimni ko‘tarib ketgan
Darbadar bir oshiq va yo sarbador.
Balki biror bobom shahanshoh o‘tgan,
Balki vujudimda darvish qoni bor.
Men yaxshi anglayman, moziy ne demak,
Tarixda har kimning bor o‘z zamoni.
Lekin tanimizda kezar-ku beshak
Olis bobolarning ming yillik qoni.
Nechog‘li sabot bor yovqur Shiroqda,
Eryigitov to‘pga ko‘ksin bosar jim.
Rahimov g‘animga tashlangan chog‘da
Alpomish shiddatin payqamagan kim?!
Ohu bolasi bu – ohuday boqqan,
Shervachchada esa sherning shiddati.
Avlodlar qonida ming yillab oqqan
Buyuk bobolarning turfa xislati.
Neki ezgulik bor jahonda poydor
Joylab ola bildik barchasin qonga.
Asrlar so‘ngida tole kelib yor,
Farzand bo‘la bildik o‘tli zamonga.
Singdi ruhimizga mangu barhayot
Alisher she’ri-yu Pushkin bayoti.
Singdi ruhimizga g‘olib hissiyot –
Jasur bobolarning tengsiz saboti.
Singdi qonimizga shu otash dunyo,
Singdi qonimizga muhabbat, g‘azab.
Yiroq avlodlarga bizlardan ammo
Qay bir xislatimiz qolarkan, ajab?
Nima qolar ekan? Qay ezgu tilak,
Qay his, yuraklarda topolgan kamol?
Yiroq avlodlarga bizlardan meros,
Qolar kurashlarda toblangan xayol.
Shu yovqur asrda yashadik ro‘y-rost,
Ranj-u balolardan hayiqmay taqir.
Yiroq avlodlarga bizlardan meros,
Buyuk bardoshimiz qolgusi axir.
Yashadik shu rangin dunyoda mas’ul,
To ellar ko‘z yoshi bo‘lmasin chashma.
O‘zni bag‘ishladik kurashga butkul,
Demakki, yashadik oromga tashna.
Tashna yashadik biz mehrga mutloq,
Ishqqa, muhabbatga tashna o‘tdik biz.
Goh esa quyoshdek porloq va yiroq
Haqqa, haqiqatga tashna o‘tdik biz.
Tashna yashadik biz nurga, ziyoga,
Qayon ketmoqdasan, ey uchqur zamon?!
Oqibat bel bog‘lab keldi dunyoga
Bizning asrimizda vallamat inson.
To‘fon, qasirg‘alar kechar-ku hali,
Kechadi avlodlar qator, galma-gal.
Balki oro topib bashar sayqali,
Tug‘ilar eng oliy inson, mukammal.
U o‘zin tanigay shunda daf ’atan,
To‘fon, qasirg‘alar bosiriq bir tush!
Shu buyuk sayyora – yagona Vatan,
Inson o‘z baxtidan o‘zi ham sarxush.
Munis nigohini qadab quyoshga
Turar u nurday pok, ishqday bezavol.
Kechmish kamolotin ko‘tarib boshga,
Yiroq asrlarga ko‘z tikib xushhol.
Turar u go‘dakday beg‘ubor kulib,
Balki kulgusi ham bizdan meros bu.
Rishtai jonida bir zarra bo‘lib
Bizning ham qonimiz gupurgay, rost bu...
Bobolar dunyodan o‘tdilar shundoq,
Biz ham yetuklikka bo‘lmadik timsol.
Lekin sen bo‘larsan bokira mutloq,
Lekin sen yasharsan farishta misol.
Kahkashon sayrida hur quyosh bilan
Kezarsan to abad shodumon, xurram.
Labda tabassum-u ko‘zda yosh bilan
Senga talpinaman, buyuk nabiram...
1973
Sarob
Olti oykim, she’r yozmayman, yuragim zada,
Olti oykim, o‘zgalarga tilayman omad.
Olti oykim, do‘stlarim ham pana-panada
Iste’dodim so‘nganidan qilar karomat.
Nimanidir axtaraman – she’rdan ham ulug‘,
Nimanidir axtaraman – nondan azizroq.
Dunyo o‘zi bepoyon-ku, ranglarga to‘lug‘,
Biroq mening ko‘zlarimdan ranglar ham yiroq.
Injiq ruhim may istaydi gohi-gohida,
Faqat uning og‘ushida topaman orom.
Xayollarim sarxush bo‘lib kezgan chog‘ida
U bearmon kunlarimga qaytaman tamom.
Ko‘z oldimda kiprikdayin tizilar yillar,
Har biriga marjon bo‘lar achchiq unlarim.
Xira tuman orasida cho‘g‘day miltillar
Jayron quvib jayron yanglig‘ o‘tgan kunlarim.
O‘shanda ham bo‘lar edi osmon-u adir,
O‘shanda ham kezar edik shundoq yalang bosh.
Bilmas edik kitob nima, shahar nimadir...
Enagamiz tunda oy-u, kunduzi quyosh.
Quyundayin charx urardik doim to‘zonda,
Chang neligin bilmas edik o‘sha mahali.
Onamizni o‘ylar edik inson deganda,
Ammo ona tanholigin bilmasdik hali.
Baholardan asrar edi o‘zi tabiat,
Boshimizga sochar edi beminnat ziyo.
To‘nkarilgan osmon osti – shu sirli xilqat
Bizning uchun ham kulba-yu ham buyuk dunyo.
Kunlarimiz jilg‘alarday o‘tdilar oqib,
Maktab bordik – og‘ir bo‘lib qoldik daf ’atan.
Devordagi arslon yolli kartaga boqib,
Sekingina shivirladik: mana shu Vatan!
Vatan! Mening bor qismatim shu bir so‘zda hal,
Balki men ham baxsh eturman unga jon-tanni.
Lekin, do‘stlar, rostin aytsam, men o‘sha mahal
Jondan ortiq sevar edim ona Vatanni.
Do‘stlik bilan bir butundir derdilar dunyo,
Men ham mangu do‘stlik uchun ichardim qasam
Tayyor edim Rahimovday bo‘lgali fido,
O‘ylar edim, do‘stlar uchun jangga yarasam.
Ko‘z oldimda shu qadarli pok edi olam,
Go‘yo nurdan yaralgandi inson degan zot.
Ha, onamni o‘ylar edim inson degan dam,
Yo‘q, maymundan tarqamagan derdim odamzot.
Bu dunyoda alam bo‘lmas, bo‘lmas deb firoq
Dasta-dasta kitoblardan o‘qirdik ta’lim.
Ravon yo‘llar qarshingizda turibdi mushtoq,
Derdi bizga harf o‘rgatgan yosh bir muallim.
Olis janub tortganiday qushcha yuragin,
Yiroqlarga yetakladi meni bir suron.
O, Abdulla, ko‘zlaringni ochib qaragin,
Kim aytadi bu dunyoda yo‘qdir deb bo‘ron.
Yillar ona quchog‘idan oldi-ku yulib,
Savdolarga urdi meni murg‘ak yoshimdan.
Bir mahallar quyundayin yurardim yelib,
Endi bo‘lsa u aylanar mening boshimdan.
She’r izlayman bu kun Toshkent ko‘chalarida,
Sekingina zirqiraydi beorom qalbim.
Men umrimning bu suronli kechalarida
Na bir taskin topa oldim, na she’r topoldim.
Yuragimga bir mahallar kirgan tuyg‘ular
Endi sendan ketgaymiz deb so‘raydi javob.
Meni bir zum hol-jonimga qo‘ymaydi ular,
Qo‘ymaydilar, va’dalaring chiqdi deb sarob.
Xazon to‘la bog‘chalarga boraman tag‘in,
Yana o‘zni xayol ila she’rga tashlayman.
To‘nib qolgan yuragimga berib bir taskin,
Yana quvnoq qo‘shiqlarni kuylay boshlayman.
Ne tong, axir farzandmiz-ku shu zamonaga,
Axir ona siynasidan farzand tonolmas,
Qo‘l ko‘tarib bo‘larmidi axir onaga,
Zotan, unga qo‘l ko‘targan – farzand sanalmas.
1966
«Munojat»ni tinglab…
Qani, ayt, maqsading nimadir sening,
Nega tilkalaysan bag‘rimni, ohang,
Nechun kerak bo‘ldi senga ko‘z yoshim,
Nechun kerak, rubob, senga shuncha g‘am.
Eshilib, to‘lg‘anib ingranadi kuy,
Qaylardan tug‘ilmish bu oh-u faryod.
Kim u yig‘layotgan? Navoiymikin,
Va yo may kuychisi Xayyommikin, dod!
Yetar, ey cholg‘uvchi, bas qil sozingni,
Bas, yetar, ko‘ksimga urmagil xanjar.
Nahotki dunyoda shuncha g‘am bordir!
Agar shu munojot rost bo‘lsa agar,
Agar aldamasa shu sovuq simlar,
Gar shul eshitganim bo‘lmasa ro‘yo,
Sen beshik emassan, dorsan, tabiat,
Sen ona emassan, jallodsan, dunyo!..
Eshilib, to‘lg‘anib ingranadi kuy,
Asrlar g‘amini so‘ylar munojot.
Kuyi shunday bo‘lsa, g‘amning o‘ziga
Qanday chiday olgan ekan odamzot!
1964
Kuz xayollari
1
Qorayganda uzoq tog‘larning qori,
Bog‘larga cho‘kkanda oqshomgi tuman,
Sovuq kuz yelidan junjikib, nari –
Ochiq ayvon ostin etganda maskan,
Do‘stginam, xayolan quchaman seni,
Xazon davrasida kutaman seni.
2
Bunda bari go‘zal: tim qora oqshom,
Yulduzlar boqadi tund va yovvoyi.
Qamishzor, shovullab turguvchi soy ham
Sovuq va yoqimli: shundoq anvoyi.
Ularga boqaman, to‘naman ba’zan,
Shirin bir xayolga cho‘maman ba’zan.
3
Nimani xohlayman? Istagim nima?
Changalzor shovqinin tinglab turaman.
Yaproqlar bandida kezgan jimgina
Ma’yus va bezovta kuzni ko‘raman.
Uning qo‘shig‘ida, uning ohida
Sezaman odamzod qalbin gohida.
4
Unga bari birday hayot va o‘lim,
Go‘yoki keksa chol so‘ngini o‘ylar.
Va sekin silkitib kahrabo qo‘lin
Ko‘rganin-bilganin birma-bir so‘ylar.
Bir hikmat o‘qiyman xazonlarda men:
«Yashagin-u, biroq yaproq bo‘lma sen».
5
Mangu yashillikning maskani qayda,
Qaydadir xazonni bilmagan bahor?
Nechun u hovliqib oqquvchi soyda
Chavandoz umrning qaytmas sehri bor?!
Nechun uyg‘onadi qaytadan bahor,
Nechun inson umri bo‘lmagay takror?..
6
Meni savollarga ko‘mar daf ’atan,
Xazonning taqdiri, so‘nggi shovqini.
Ko‘zimga ko‘rinar umrim qaytadan,
Garchand surmakdaman bahor shavqini,
Garchand yigit yoshim yashnab tursa ham,
Keksalik qismatin o‘ylayman shu dam.
7
Shu dam tuyg‘ularga to‘ladi ko‘nglim,
Titrab tarashlayman qalamim uchin.
Tong ham yorishadi, ey mening umrim,
Bunchalar tezlikda chopasan nechun?
Xazonlar shoshadi, shoshaman men ham,
Do‘stim, huzurimga shoshib kel sen ham!
1962
Sen bahorni sog’indingmi
Uyg‘onguvchi bog‘larni kezdim,
Topay dedim qirdan izingni.
Yonog‘ingdan rang olgan dedim –
Lolazorga burdim yuzimni,
Uchratmadim ammo o‘zingni,
– Sen bahorni sog‘inmadingmi?
Uzoqlarda zalvorli tog‘lar
Xayolimni keldilar bosib.
Kechdi qancha intizor chog‘lar,
Vasling menga bo‘lmadi nasib,
Sensiz men ham, bahor ham g‘arib,
– Sen bahorni sog‘inmadingmi?
O‘ngirlarda sakraydi ohu,
Na’matakda sa’va mittijon.
Qorliklardan sipqarilgan suv
Daralarda uradi javlon.
Nigohimdan faqat sen pinhon,
– Sen bahorni sog‘inmadingmi?
Mana, bugun navro‘zi olam,
Do‘stlarimga gullar tutarman.
Qaylardasan, sevgili erkam...
Qo‘limda gul, seni kutarman,
Umrim bo‘yi chorlab o‘tarman,
– Sen bahorni sog‘inmadingmi?
1963
Men nechun sevaman O’zbeksitonni
Men nechun sevaman O‘zbekistonni
Tuprog‘in ko‘zimga aylab to‘tiyo.
Nechun Vatan deya yer-u osmonni,
Muqaddas atayman, atayman tanho.
Aslida dunyoda tanho nima bor,
Paxta o‘smaydimi o‘zga elda yo?
Yoki quyoshimi sevgimga sabab?
Axir quyoshli-ku butun Osiyo.
Men nechun sevaman O‘zbekistonni?
Bog‘larin jannat deb ko‘z-ko‘z etaman,
Nechun ardoqlarkan tuprog‘ini men,
O‘paman: «Tuprog‘ing bebaho, Vatan...»
Aslida tuproqni odil tabiat
Taqsim aylagan-ku yer yuziga teng.
Nechun bu tuproq deb yig‘ladi Furqat,
O, Qashg‘ar tuprog‘i, qashshoqmiding sen?!
Xo‘sh, nechun sevasan O‘zbekistonni,
Sababini aytgin desalar menga,
Shoirona go‘zal so‘zlardan oldin
Men ta’zim qilaman ona xalqimga:
Xalqim, tarix hukmi seni agarda
Mangu muzliklarga eltgan bo‘lsaydi,
Qorliklarni makon etgan bo‘lsayding,
Mehrim bermasmidim o‘sha muzlarga?
Vatanlar,
Vatanlar,
Mayli, gullasin,
Bog‘ unsin mangulik muzda ham, ammo,
Yurtim, seni faqat boyliklaring-chun
Sevgan farzand bo‘lsa kechirma aslo!
1964
O’zbekistonda kuz
Yurgil, dalalarga ketaylik, do‘stim,
Diqqinafas uyda yotmoq paytimas.
Oltin O‘zbekiston tuprog‘i bu kun
Bir pari faslning og‘ushida mast.
Shabnam shovullaydi bog‘lar qo‘ynida,
Salqin tuman ichra bo‘zarar tonglar.
Quyoshning erinchak yog‘dularida
Nafis yaltiraydi bargi xazonlar.
Har yonda to‘kinlik...
Kuzdan nishona...
Har yonda go‘zallik yoymish daftarin.
Sonsiz egatlarga sochilmish, ana,
Mening shodliklarim, ezgu dardlarim.
Mening ona xalqim...
Ey qadim, halol,
Rizqi ona yerga sepilgan xalqim,
Ushoq chigitni ham etmay deb uvol,
Million egatlarga egilgan xalqim!
Bir nafas boshingni ko‘targin-u boq,
Yer yuzida ajib viqor va nufuz.
Sening o‘zing kabi o‘ychan va quvnoq,
Xushfe’l bo‘lib kelmish tuprog‘ingga kuz.
Ulug‘ Alisherning soch oqin ko‘rib,
Og‘ir xayollarga cho‘mgan bu fasl
Qayrag‘och yonida g‘amgin o‘tirib,
Chollarga hassalar yo‘ngan bu fasl,
Azaliy ko‘rkini qiladi ko‘z-ko‘z...
Nahotki shuncha tez aylanar dunyo?!
Baxtli keksalikni yodga solar kuz,
Sokin xilvatlarga chorlaydi, ammo,
Do‘stginam, paytimas, aylab sayribog‘,
Xilvatda o‘y surish yarashmas bugun.
Zahmatkash o‘zbekning hosili qandoq?!
Kuzning falsafasi shudir biz uchun.
Ulug‘ mehnat kezar shan dalalarda,
Har yonda hokim bir tashvishli ilhom.
Quyosh bota boshlar... gavjum qirlarga
Qoraya-qoraya to‘shalar oqshom.
Eh, kuzgi oqshomlar...
Dilimda mening
Teran tuyg‘ularim qo‘zg‘alar jo‘shib.
Qo‘zg‘alar-u, shu dam qalbimdan sekin
To‘kila boshlaydi oydin bir qo‘shiq.
1964
Miltiraydi mitti yulduz
Ko‘k gumbazin bir chetida
Bo‘shliqlarga urib bosh,
Miltiraydi mitti yulduz,
Tanholikdan to‘kib yosh.
Atrofida na bir yulduz,
Na bulut bor, na tuman.
Yulduzlarga termulib u
Titrab turar shamsimon.
Eh, bechora, yashash nechun,
Porlamasang, kulmasang.
O‘z to‘dangdan nega uchding,
Qaytish yo‘lin bilmasang?!
1964
Ayol
Yigitlar maktubin bitganda qondan,
Kelinlar firoqdan chekkanda yohu,
Uning ham panohi qaytmadi jangdan,
O‘n to‘qqiz yoshida beva qoldi u.
Sevgidan yetim-u umrdan yarim,
Qurigan ko‘ksida yolg‘iz belanchak.
Abadiy firoqni, hayhot, do‘stlarim,
Abadiy visol deb bildi kelinchak.
Qaqragan lablarda olovli nafas,
Kechalar kechmishin ayladi ko‘mir.
Parishon sochlari yor ko‘ksi emas,
Muzdayin bolishda qoldi bir umr.
Yillar ham o‘tdilar, hamon u yolg‘iz,
Mung‘ayib termular botguvchi kunga.
Ey nomard tabiat, bormi senda his,
Qaytadan baxt bersang bo‘lmasmi unga?
Nahot ishq qismati buncha berahm,
Bunchalar buyuksan, vafo shevasi.
Sengadir hurmatim, senga sharafim,
Qahramon jangchining sodiq bevasi.
Siz-chi, ey, sadoqat satridan nolib,
Nadomat komida qolganlar, ayting.
O‘zini ming bitta bozordan olib,
Ming bitta bozorga solganlar, ayting.
Shu cho‘lpon ko‘zlarning buyuk hurmati,
Shu aqiq lablarning rost so‘zi deya,
So‘ylang-chi, vafoning nadir qimmati,
Siz ham kutganmisiz biror soniya?!
Ba’zida tirnoqlar bezagi uchun
Sahardan shomgacha qilursiz toqat.
Biroq yoringizni kutgali nechun
Topilmas tirnoqcha sabr-u qanoat.
Nazokat paytimas, yaqinroq keling,
Buyuk zot qoshida aylangiz salom.
Shu sodiq bevaga sajdalar qiling,
Shu sodiq bevaga aylang ehtirom.
Hatto zeb-ziynatni yulqib ziyoda,
Haykal ham qo‘yingiz bamisli xayol.
Shundaylar bo‘lmasa agar dunyoda,
Bu qadar muhtaram bo‘lmasdi ayol.
1965
Abdulla Qahhor
Yo‘llar ortimizda qolar edilar,
Sahrolar qolardi cheksiz, betakror.
Nega ular cheksiz, desam dedilar:
Bu yerdan o‘tgandi Abdulla Qahhor.
Yo‘llar ortimizda qolar edilar,
Cho‘qqilar qolardi yuksak va qator.
Nega ular yuksak, desam dedilar:
Bu yerdan ham o‘tdi Abdulla Qahhor.
1967
Yurtim Shamoli
Yo‘llarda yeldirim misoli yeldim,
Yellar vodiysiga boshladi havas.
Yelvagay Hisorning bag‘riga keldim,
Sen esding – taraldi siym tanda atlas,
Sen esding – ochildi yorning jamoli,
O, yurtim shamoli, yurtim shamoli.
Men-ku bu dunyoda bir zori visol,
Karbalo dashtida Majnunsifatman.
Shamollar ichida men ham bir shamol,
Chechaklar atridan men ham sarmastman.
Lekin sen ruhimning mangu xayoli,
O, yurtim shamoli, yurtim shamoli.
Qancha shamollarga yuzimni burdim,
Ulardan esdilar turfa xil nafas.
Ularda goh qayg‘u, goh shodlik ko‘rdim,
To‘xtamay o‘tdilar bari ham birpas.
Faqat qayg‘ulardan sen o‘zing xoli,
O, yurtim shamoli, yurtim shamoli.
Shamollar esgandir ushbu dunyoda,
Shamollar goh quyun, gohida dovul.
Ular goh oshkora, goho ro‘yoda
Qancha bo‘stonlarni sovurgan butkul,
Lekin sen bo‘lmagin bog‘lar zavoli,
O, yurtim shamoli, yurtim shamoli.
Esgin, ey, bog‘larning jamoli kulsin,
Moviy nafas bilan to‘lsin etaklar.
Uchqur qo‘shiqlarga bu olam to‘lsin,
Sha’ningga shoirlar aytsin ertaklar.
Esgin, Vatanimning taralsin boli,
O, yurtim shamoli, yurtim shamoli.
Meni chorlayotir oliy bir jamol,
Bilmasman, oh, unga qachon yeturman.
Bu gulshan vodiyda men ham bir shamol,
Shamol kabi keldim, shundoq keturman.
Lekin Abdullaning boqiy kamoli,
O, yurtim shamoli, yurtim shamoli.
1969
Ona tilimga
Ming yillarkim, bulbul kalomi
O‘zgarmaydi, yaxlit hamisha.
Ammo sho‘rlik to‘tining holi
O‘zgalarga taqlid hamisha.
Ona tilim, sen borsan, shaksiz,
Bulbul kuyin she’rga solaman.
Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz,
Men ham to‘ti bo‘lib qolaman...
1965
Izhor
Qancha diyorlarda sayr etib yurdim,
Qancha manzillarda tuzdim oshyon.
Va buyuk hikmatga axir yuz burdim,
Siylangan joyida azizdir inson.
Yurtim, senda ekan nasibam tugal,
Sen o‘zing maskanim, sen o‘zing shonim.
Sen onam, sen singlim, yorimsan azal,
Ey, jonim, jahonim – O‘zbekistonim.
Ista, qismatimga o‘zing ber barham,
Ista, yaxshi kunda nomim qilgil yod.
Mensiz ham mukammal ekan bu olam,
Mensiz ham baxtga yor ekan odamzod.
Yurtim, faqat sening qo‘lingdan tutib,
Bolangday ergashib keta olsam, bas.
Sen piri komilsan, men senga muhib,
Seni tanimagan meni ham bilmas.
1978
Bobur
Men-ku oddiy odam,
Shundoq bo‘lsa ham,
Shukr, bas, degancha g‘animlarim bor.
Shart emas ularga ta’rif chinakam,
Biri jununsifat, birovi hushyor.
Biroviga yoqmas jindek jur’atim,
Biroviga yoqmas men yurgan yo‘lak.
Nogoh biror joyda chiqsa suvratim,
Biri uxlay olmay qiynalsa kerak.
Biz shunday o‘tamiz,
Ya’ni kun ko‘rib...
Maydagina kuchsiz, maydagina zo‘r.
Hayotning mana shu burjidan turib,
Men Sizni o‘yladim, hazrati Bobur.
Siz – zobit, dastini cho‘zgan dunyoga,
Siz – shoir, mangu bir alanga yoqqan.
Nainki bandalar, Sizning siymoga
Ne-ne saltanatlar kek bilan boqqan.
Bahodirlik ichra yor Sizga Humoy,
Siz ulug‘ zotlarning izin bosgan er.
Nazmiy sajdagohda Sizga, hoynahoy,
Imomlikka o‘tgay faqat Alisher.
Ha, yolg‘iz she’r qoldi, boshqasi abas,
Yetti iqlim aro doston naqlingiz.
Ne baxt, parchin bo‘lib toj degan qafas,
Bizga yetib keldi olmos aqlingiz.
Ayting, ne topdingiz Siz kezib dunyo,
Hanuz boqisharlar sho‘rishga to‘lib.
Shoirsiz, yaxshisi, qolingiz, Mirzo,
Mushfiq yurtingizda bir shoir bo‘lib.
1983
Shoir
Parvo qilma, do‘stim, ezilma sira,
G‘amgin qo‘shiqlarni kuylasa shoir.
Misralari garchand ma’yus va xira,
Lekin barchasi ham qalbiga doir.
Buyuk zamonaning otashin zarbi
Uning qalamiga yot emas aslo.
Agar kerak bo‘lsa Sharqni va G‘arbni
Yolg‘iz bir she’riga eta olar jo.
Lekin u yuragin qasddan yoqmagay,
Qalbiga olamdan oqar ohanglar.
Ayting, hilol buncha ma’yus boqmagay,
Ayting, muncha suluv bo‘lmagay tonglar.
Ayting, Bobotog‘ning silsilasida
Sakrab kezmasinlar munis ohular.
Ular aks etadi she’r misrasida,
Ajib o‘ychan qilib qo‘yadi ular.
Parvo qilma, do‘stim, ezilma sira,
G‘amgin qo‘shiqlarni kuylasa shoir.
Misralari garchand ma’yus va xira,
Barchasi ham shaydo qalbiga doir.
1967
Ohu
Makoning bo‘libdi tog‘lar orasi,
Sensan go‘zallikning asli, sarasi.
Ma’yus yuragingda ishqning yarasi,
Sen ham oshiqmisan yoki, ohujon.
Daralar qo‘ynida neni istarsan,
Nechun doim g‘amgin, doim mustarsan.
Latif shijoating qayga qistarsan,
Sen ham oshiqmisan yoki, ohujon.
Yo‘q, sen axtarmassan tog‘lardan makon,
Va na go‘zalliging uchun shuhrat-shon.
Sayyod jabri senga bermaydi imkon,
Sen ham oshiqmisan yoki, ohujon.
Qo‘y, jonim, ko‘zlaring to‘lmasin yoshga,
Tongda oyog‘ing qo‘y baland bir toshga.
Seni quyosh o‘zi ko‘targay boshga,
Sen ham oshiqmisan yoki, ohujon.
1967
Noma’lum odam
U na shoir edi va na mashhur zot,
Lekin dunyo bilan bir edi dardi.
U ham boshqalarday kechirib hayot,
Shoshib ishga borib sekin qaytardi.
Anglardi dunyoni u ham xo‘p teran,
Ma’yus boqar edi botguvchi kunga.
Ba’zida yuragi yongani bilan,
Parvo qilmas edi hech qachon bunga.
U qabr ustida so‘zlamadi nutq,
Tabrik ham aytmadi to‘ylarda xandon.
O‘lim bu – nishonga borib tekkan o‘q,
Tug‘ilish – shiddat-la tortilgan kamon.
Shon-shuhrat talashgan turfa xil g‘arib,
Sho‘rlik kimsalarga kulib boqardi.
Yurmasdi har qayda ilinj axtarib,
Qalbida bir dunyo guvlab oqardi.
Birovning u bilan bo‘lmadi ishi,
U ham duch kelganga ochmadi yurak.
Nasab, ikir-chikir, mol-mulk tashvishi
Uni etolmadi zarra jonsarak.
Loqaydni do‘pposla, desa ehtimol
Unga yopishardi nokasning bari.
Uning ko‘zlarida yonardi behol
Yiroq yulduzlarning sirli nurlari.
Olamning bu mayda g‘alvasi nechun?
Bari o‘tadigan, bari nokerak.
Tariqday zaminning ustida beun
Yashab o‘tdi shundoq buyuk bir yurak.
Qaydan kelgandi u? Bilmadi kimsa,
Qabrga ham jimjit kirib ketdi u.
Menimcha, dunyoning ustidan rosa
Miriqib qahqaha urib ketdi u.
1971
Vahiy
Manman kimsalardan ranjidi Rasul,
Ko‘ngli qolgandayin hatto do‘st-yordan.
G‘orlarga bekinay deganda butkul,
Vahiy tusha keldi Parvardigordan:
– Aytgil, ey Muhammad, manman kimsalar,
Vahmkor bo‘lsa ham nechog‘ siyog‘i,
Qancha depsinmasin chiranib magar,
Teshib o‘tdimikan yerni oyog‘i?
– Aytgil, ey Muhammad, manman kimsalar,
Vahmkor bo‘lsa ham nechog‘ siyog‘i,
Qancha kerilmasin chiranib magar,
Tog‘larga yetdimi ekan dimog‘i?
Tavba
Sen gunoh qildingmi, bechora banda,
Sen shayton makriga uchdingmi nogoh.
Tinching qolmadimi ruh ila tanda,
Endi nadomatlar bo‘ldimi hamroh.
Endi chora izlab, axtarib najot
Kezursan, dastingda na imkon, na erk.
Gunohkor kimsaning qoshida nahot
Qopqalar yopilgan, ostonalar berk.
Yo‘q, hali olamda mavjuddir shafqat,
Yo‘q, hali tebranar mehr beshigi.
Tavba qil, tavba qil, tavba qil faqat,
Senga ochiq faqat tavba eshigi.